Davlat ulushli korxonalarda ichki nazorat kuchaymoqda: rahbar nimalarga tayyor bo‘lishi kerak
2026-yil 3-oktabrda Adliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 24-sentabrdagi 106-son buyrug‘ini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3950). Buyruq bilan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi yangi namunaviy nizom tasdiqlandi. Hujjat 5-oktabrda rasman e’lon qilinib, kuchga kirdi; shu yil mart oyida qabul qilingan avvalgi nizom o‘z kuchini yo‘qotdi.
Hujjat birinchi navbatda davlat ulushli korxonalarning rahbarlari va komplayens xodimlariga, shuningdek bunday korxonalar bilan ishlaydigan pudratchilarga taalluqli.
Nima o‘zgardi
Ichki nazorat tuzilmasi korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabablarini bartaraf etish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun javob beradi. U xizmat, bo‘linma yoki alohida lavozim ko‘rinishida tashkil etiladi va ISO 37001:2025 xalqaro standartiga mos tizimni joriy etishi kerak.
Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan jamiyatlarda tuzilma korxona rahbariga emas, kuzatuv kengashiga bo‘ysunadi (kengash bo‘lmasa, rahbarga). Korrupsiyaga qarshi faoliyatda esa u Agentlikka bo‘ysunadi va uning oldida hisobdor (6–7-bandlar).
Mustaqillik kafolatlari:
- tuzilma xodimlariga samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) qo‘llanilmaydi, KPI ustamalari maksimal miqdorda to‘lanadi; KPI faqat Agentlik roziligi bilan pasaytiriladi (23–27-bandlar);
- xodimlar Agentlik bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov orqali tayinlanadi, ularni lavozimdan ozod qilish va intizomiy javobgarlikka tortish Agentlik bilan kelishiladi. Xodim o‘z vazifasini bajargani uchun ta’qib qilinayotgani aniqlansa, Agentlik rozilik bermaydi (12–22-bandlar);
- xodimlar davlat himoyasida (39-band);
- malaka talablari: yuridik, iqtisodiy, moliya, soliq, audit, tizimli tahlil, menejment yoki axborot texnologiyalari yo‘nalishida oliy ma’lumot, tuzilma boshlig‘i uchun kamida 4 yil, rahbar xodimlar uchun 3 yil staj va maxsus o‘quv kursi sertifikati (11-band);
- ularga vazifasiga kirmaydigan topshiriq berilmaydi, ular tender komissiyalariga kiritilmaydi (32-band).
Amalda ichki nazorat xodimining daromadi ham, lavozimi ham endi korxona rahbarining bahosiga bog‘liq emas. Demak, uning xulosalari “ichkarida” qolib ketish ehtimoli kamayadi.
Tuzilma nimalarga haqli
Nizomning 30 va 33-bandlariga ko‘ra tuzilma:
- xizmat tekshiruvlarini o‘tkazadi, ma’lumotlar bazalaridan foydalanadi, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolardan hujjat va materiallarni so‘rab oladi, obyektlarga to‘siqsiz kiradi;
- davlat xaridlari ishtirokchilarining o‘zaro affillanganligini tekshiradi, maxsus reyestrlar yuritadi va manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalarini nazorat qiladi;
- ichki audit bilan birga asosiy vositalar xaridining qonuniyligini o‘rganib, xarid komissiyasiga yozma xulosa beradi, yirik investitsiya loyihalarini ekspertiza qiladi;
- shaxslarning xatti-harakatlari va jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish, belgilangan tartibda nooshkora hamkorlik o‘rnatish huquqiga ega;
- ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar va taqdimnomalar kiritadi, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi.
Tuzilma tegishli rahbar yoki xodimning kadrlar va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatishni yoki uni vazifasidan vaqtincha chetlatishni taklif qilishi ham mumkin (30-band). Birinchi rahbarga nisbatan bu hujjatlar bilan tasdiqlangan asoslar bo‘lganda va yuqori turuvchi komplayens xizmati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi (38-band).
Ichki tekshiruvdan tergovgacha
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa, tuzilma bu haqda zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori turuvchi organga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart (34-band). Shu sababli ichki tekshiruv ko‘pincha tergovga qadar tekshiruvning boshlang‘ich nuqtasiga aylanadi. Masalan, 9-oktabrda Bosh prokuratura huzuridagi Departament e’lon qilgan holatlardan birida qurilish ishlari hajmi hujjatlarda oshirib ko‘rsatilgani aynan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ichki nazorat bilan yozishmalar va xizmat tekshiruvi materiallari keyinchalik tergovchi qo‘liga o‘tishi mumkin. Shuning uchun har bir javobni tergovchiga beriladigan tushuntirish kabi puxta tayyorlang: faktlar va hujjatlarga tayaning, taxmin va baholardan saqlaning, hujjat bo‘lmasa, buni ochiq ayting.
Amaliyotdan saboqlar
Davlat ulushli korxonalar rahbarlarini himoya qilish amaliyotimizda uchta holat muntazam takrorlanadi.
Kollegial qarorlar shaxsiy qilmish sifatida baholanadi. Hukumat ruxsat bergan, kuzatuv kengashi ma’qullagan va narxi oldindan belgilangan bitim yillar o‘tib “talon-toroj” deb ko‘rsatiladi. Himoyaning asosiy dalili — ruxsatnomalar, baholash hisobotlari, boshqaruv organlari bayonnomalari, oshkor qilingan muhim faktlar va audit xulosalaridan iborat to‘liq hujjatlar zanjiri.
Fuqarolik-huquqiy nizo jinoyat sifatida talqin qilinadi. Shartnoma ijrosidagi kelishmovchilik — hajm, sifat yoki hisob-kitob bo‘yicha — “o‘zlashtirish” deb baholanadi. Holbuki Jinoyat kodeksining 167-moddasi aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishni nazarda tutadi. Hujjatlar nizo bilan talon-toroj o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatishi kerak.
“Norasmiy bog‘liqlik” haqidagi taxminlar. Rahbarning kontragent bilan yashirin aloqadorligi haqidagi da’vo ko‘pincha dalilsiz ilgari suriladi. O‘z vaqtida topshirilgan manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalari va ichki nazorat qaydlari bunday taxminlarga qarshi eng ishonchli dalildir.
Boshqacha aytganda, kuchli ichki nazorat rahbar uchun nafaqat xatar, balki himoya vositasi hamdir, agar ish to‘g‘ri hujjatlashtirilgan bo‘lsa.
Rahbar va pudratchi uchun amaliy qadamlar
- Har bir yirik bitim bo‘yicha qarorlar zanjirini bir joyda saqlang: ruxsatnomalar, baholash, boshqaruv organlari bayonnomalari, muhim faktlar oshkor qilingani haqidagi ma’lumot va audit xulosalari.
- Manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasini o‘z vaqtida va to‘liq topshiring, kontragentlar bilan har qanday aloqani oldindan oshkor qiling: xarid ishtirokchilarining affillanganligini endi ichki nazorat tekshiradi.
- Ichki nazorat so‘rovlariga yozma va asosli javob bering, tushuntirishlaringiz nusxasini saqlang.
- Pudratchilar: bajarilgan ishlar dalolatnomalari haqiqiy hajmga mos bo‘lishi shart. O‘lchov natijalari, foto va video qaydlar, mustaqil ekspertiza xulosalarini saqlang.
- Ichki tekshiruv jinoyat alomatlari bilan yakunlansa yoki tergovga qadar tekshiruvga chaqirilsangiz, tushuntirish berishdan oldin advokat bilan maslahatlashing.
Yangi nizom ichki nazoratni mustaqil va kuchli qilmoqda. Unga qarshilik ko‘rsatgandan ko‘ra, uning talablarini o‘z himoyangiz uchun ishlatish oqilonaroq. Savollaringiz bo‘lsa, Business Lawyers Group sheriklari bilan bog‘lanishingiz mumkin.
Manbalar
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 24.09.2026 yildagi 106-son buyrug‘i va Namunaviy nizom (ro‘yxat raqami 3950, 03.10.2026) — lex.uz
- Avvalgi namunaviy nizom (3829-son, 06.05.2026; 05.10.2026 dan o‘z kuchini yo‘qotgan) — lex.uz
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, 167-modda — lex.uz
- “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-419) — lex.uz
- Adliya vazirligi xabari, 3950-son ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjat — @huquqiyaxborot
- Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xodimlariga KPI qo‘llanmaydi — Kun.uz, 06.10.2026
- Davlat tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati tartibga solindi — Spot.uz, 05.10.2026
- Tozalash inshooti qurilishida ishlar hajmi oshirib ko‘rsatilgani — Spot.uz, 09.10.2026