Habibulla Olimjonovning «Advokat» roman-essesi haqida
Jurnalist va advokat Habibulla Olimjonovning “Advokat” roman-essesini o‘qib chiqdim. Bilishimcha, shu mavzuda o‘zbek adabiyotida yozilgan birinchi va hozircha yagona asar. Detektiv, tergovga oid asarlar ko‘p, biroq, aynan advokat faoliyatiga bag‘ishlanganini birinchi uchratishim.
Asarda tasvirlangan voqealar hammasi hayotdan olingan, avtobiografik asar desa ham bo‘ladi. Asar menga yoqdi, men uni “Osmondagi bolalar” filmida aytilganidek, bir necha yillik tajribaga ega advokat ko‘zi bilan o‘qidim, oddiy kitobxon ko‘zi bilan emas.
Biroq, yosh yuristlarga, advokatlarga hamda yuridik sohaga aloqador bo‘lmagan insonlarga o‘qishni tavsiya qilmayman. Chunki, birinchidan, bu asarni o‘qib “Yaxshi advokat bo‘lish uchun albatta oldin biror jiddiyroq tizimda uzoq yil ishlagan bo‘lish kerak ekan” degan fikr shakllanib qolishi mumkin yosh mutaxassisda. Aslida esa, boshidan advokaturada ishlab ham yaxshi advokat bo‘lsa bo‘ladi.
Ikkinchidan esa, yuridik sohaga aloqador bo‘lmagan insonlarda “O‘zbekistonda har qanday ishni bitirish uchun albatta yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlar hamda pul kerak ekan” degan xulosa paydo bo‘lib qolishi mumkin.
Uchinchidan esa, advokatlik deganda faqatgina sud ishlari tushunilib qolishi mumkin. Aslida esa, advokatlik juda keng kasb. Bugungi kunda esa, yanada kengaymoqda.
Bunday mavzularda asarlar yozilishining boshlanishi o‘zi umuman olganda katta yangilik, katta o‘zgarish. Buning uchun muallifga, albatta o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.