«6 mi 9?»
Bu postni oldingi postimiz mantiqiy davomi desak ham bo‘ladi.
Tasavvur qiling, elektron navbat oladigan infokioskka bordingiz va navbat oldingiz. 6 chiqdi, kutdingiz va navbatingiz kelishi bilan bordingiz. Sizga qarab, “bu 6 emas 9-ku, navbatingizni kuting, navbat bilan kelasiz” deyishdi. 9 keldi, oldingi operator band ekan, boshqasiga uchrashdingiz. Endi bu operator “Iye, navbatingiz 6 bo‘lgan ekan-ku, o‘tib ketibdi, mana 9 navbatdagi odam, boring, boshqatdan navbat olib keling” deyishsa, Siz oldingi operator bilan bo‘lgan holatni aytsangizu, “Men u uchun javob bermayman” desa bunisi, qanaqa holatga tushgan bo‘lardingiz!? “Infokioskingga ham, navbatingga ham, operatoringga ham, tashkilotingga ham” degan bo‘lardingiz, to‘g‘rimi.
Advokatlik amaliyotimizda ko‘plab tashkilotlar bilan ishlaymiz va afsuski, qonun hujjatlarini qo‘llashda ham aynan yuqoridagi 6 yoki 9 misoliga o‘xshash holatlar bo‘lyapti. Biz o‘zimizcha haqmiz, ular o‘zicha haq. Oxir-oqibat kuchliroq taraf (albatta bu advokat va u himoya qilayotgan taraf emas) haq degan nuqta qo‘yilyapti. Yuqori turuvchiga yoki sudga shikoyat qilish huquqing bor, agar norozi bo‘lsang deyishadi, tartib bo‘yicha.
Shikoyat qilyapmiz ham, oylab, ba’zida yillab vaqt, energiya, asab, resurs ketyapti, ba’zida natija bor, ba’zida esa yo‘q. Oxir-oqibat shunaqa strategiya qurishga qaror qilyapmizki, o‘xshashlik qilib aytganda, agar navbatimizga 6 yoki 9 chiqsa, tinchgina yana boshqa navbat olyapmiz.
Aslida-ku, qonun bo‘yicha hujjatni qanday talqin qilishga Konstitutsiyaviy sud vakolatli bo‘lsa-da, biroq amalda aynan shu hujjatdan manfaatdor bo‘lgan idoralar o‘zlaricha talqin qilib, qo‘llashmoqda.