«Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi»
Bu prinsipning shakllanishi 3000 yildan oldinroq davrga borib taqaladi. Hukmdor biror qonun qabul qilar ekan, uni voizlar odamlar ko‘p to‘planadigan joylar — bozorlar, karvonsaroylarda, aholi gavjum ko‘chalarda baland ovozda e’lon qilishgan. Tabiiyki, e’lon qilingan qonunni qanday tushunish, talqin qilish va qo‘llash bo‘yicha xalqning savollariga ham joyida javob berilgan, tushuntirilgan. Natijada bu prinsip ishlagan.
Bu prinsipga ko‘ra qonun deganda, hamma normativ-huquqiy hujjatlar tushuniladi. Bizning “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunimiz 38-moddasida ham normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir deb ko‘rsatilgan.
2 ta muammoga duch kelyapmiz.
Bizda maxfiy, e’lon qilinmaydigan hujjatlar ham ko‘p ekan. Himoya ostimdagiga “Nimaga asoslanib, bunaqa harakat qilgansiz?” deb savol qo‘yaman, u “Mana bu, ana u hujjatga” deydi. U hujjatlarni qidiraman, lex.uz dan chiqmaydi. So‘rayman, u maxfiy, e’lon qilinmagan deyishadi. Advokatlik so‘rovlari, iltimosnomalar bilan bir amallab u hujjatni topib, tergovga yoki sudga taqdim qilaman. Ular ham hayron, nima qilishni bilmaydi: rasmiy e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra vaziyatga baho berilsa, bu odam ayblanishi kerak, e’lon qilinmagan hujjat bo‘yicha esa, qandaydir istisno belgilangan va bu odamni ayblashga asos yetarli emas.
lex.uz da ayni shu kunda jami 54 108 hujjat mavjud. Yuqoridagi prinsip bo‘yicha fuqaro shulardan birini bilmasayu, buzib qo‘ysa javobgar bo‘lib ketish ehtimoli yuqori. Xalq shu hujjatlarning hammasini bila oladimi? Aytishingiz mumkin, hammasini ham bilish kerak emas-ku deb. To‘g‘ri, lekin sud zalida shunaqa vaziyatni ko‘rdimki, 2 ta soliq xodimi — biri sudlanuvchi (qamoqda o‘tiribdi), narigisi shu jinoyat ishi bo‘yicha mutaxassis sifatida jalb qilinib, xizmat tekshiruvi o‘tkazgan. Ikkalasining ham ish tajribasi 5 yildan kam emas. 1 ta normativ-huquqiy hujjat, soliq qonunchiligiga oid. Bir soliqchi u hujjatni shunday tushungan va qo‘llagan, natijada qamalib sudlanyapti, narigi soliqchi esa, sen bu hujjatni bunday tushunishing va qo‘llashing kerak edi deb, ikkalasi tortishyapti.
Afsuski, bunaqa muammoga biz advokat sifatida deyarli har kuni duch kelyapmiz. O‘z sohasining mutaxassislari bo‘lganlar o‘rtasida hujjatni tushunish va qo‘llashda turli xil yondashuv bo‘lsa va biri qamalib ketsa, oddiy fuqaro nima qilsin endi?
Yana kimda shunaqa vaziyatlar bo‘lsa, yozinglar. Hammasini umumlashtirib, tahlil qilib, muammoni hal qilish bo‘yicha biror bir taklif ishlab chiqarmiz balki.