Nikohdan ajratish va korrupsiya
Aqlli davlatlar kiberjinoyatchilarni shunchaki jazolab qo‘ymasdan, ularga ba’zi bir yengilliklar yaratib berish evaziga bu jinoyatchilarning intellektual salohiyatidan o‘z tizimlarini rivojlantirish uchun foydalanish yo‘lini qiladi. Hakerlarning qo‘lga olinganidan keyin davlatga ishlayotgani bo‘yicha ko‘plab filmlar ko‘rgansizlar, eshitgansizlar va bu yangilik emas. Natijada o‘sha davlatlarda axborot tizimlari kuchli, xavfsiz va ishonchli bo‘lib bormoqda. Shunga yarasha kiberjinoyatlar foizi ham kamroq.
Aslida advokatlar jinoyat olamiga eng yaqin kasblardan biri hisoblanadi. Tergovchi bilmagan, sudya bilmagan haqiqatlarni advokatlar biladi. Xuddi shunday qonunchilik tizimidagi bo‘shliqlar, korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgan “lazeyka”lar, qonunlarni aylanib o‘tish yo‘llarini ham advokatlar qonun chiqaruvchilarga qaraganda yaxshiroq biladi. Advokatga har kuni har turli toifadagi, har xil kasb yoki mashg‘ulotdagi, ilmi-ma’lumoti turli darajadagi insonlar — taksistdan tortib, kattaroq amaldorgacha har xil muammolar bilan murojaat qiladi, suhbat davomida mana shu insonlarning o‘zlari muammoni yechishning shunday usullarini taklif qilib qolishadiki, o‘ylab qarasang, bir qarashda bu yechim noqonuniy emas, bu “lazeyka” — bo‘shliq, aylanib o‘tsa bo‘ladigan yo‘l. Lekin huquqning umume’tirof etilgan prinsiplaridan kelib chiqsang, umuman insofga ham, adolatga ham, odamgarchilikka ham, axloqiy me’yorlarga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Ko‘pchilik advokat kasbi haqida “u jinoyatchini himoya qiladi” degan noto‘g‘ri qarash bor. Advokat jinoyatchini himoya qilmaydi, advokat o‘sha jinoyatchi deyilayotgan odamning aybi davlat hamma uchun qabul qilib qo‘ygan qonunda ko‘rsatilgan tartib, standart va normalar asosida isbotlab berilsagina, aybdor deb topinglar deb kurashadi. Ya’ni advokat, avvalo, huquqiy tizimni himoya qiladi. Advokatda axloqiy prinsiplar, etika va moral bo‘ladi. Shuning uchun ham ba’zi advokatlar ba’zi toifadagi ishlarni umuman olgisi kelmaydi, masalan, nomusga tegish, pedofiliya kabilar bilan bog‘liq ishlarni uncha-muncha advokat xushlamaydi. Bundan tashqari, advokat har doim ayblanayotgan tarafdan emas, jabrlangan tarafdan ham ko‘plab ishlarda qatnashadi.
Shunday ekan davlat advokatlar hamjamiyatini o‘zidan uzoq tutib, masofa saqlab, yopiq muloqot qilishi emas, aksincha, advokatlar hamjamiyatining to‘plagan ilm va tajribasidan qonunlarni mukammallashtirishda, real amalda ishlaydigan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda, korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgan bo‘shliqlar, byurokratik to‘siqlarni aniqlab bartaraf qilishda foydalanishi kerak. Biz havas qiladigan o‘sha korrupsiyaga moyillik darajasi juda past davlatlar tajribasini o‘rgansak, aynan advokatlarning bunda o‘rni juda katta bo‘lganini ko‘ramiz.
Yuqorida aytganimdek, advokat aholi bilan juda yaqindan ishlaydi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytamanki, jiddiy tizimli islohotlar qilinmasa, yaqin 10-15 yil biz uchun juda og‘ir keladi. Shunday avlod shakllanyaptiki, “puling bo‘lsa, hamma masalani hal qilsa bo‘ladi”, “Kichik pul hal qilolmagan muammoni katta pul hal qiladi”, “Svyazlaring bo‘lishi kerak”, “Kerak bo‘lsa, pul bilan Konstitutsiyangni ham o‘zimizga moslab o‘zgartirib olamiz” degan hozirdan “lobbistik” fikrlashdagi, huquqiy ong va madaniyat deyarli yo‘q, qonunlarga, umuminsoniy axloq normalariga hurmat nol darajadagi, farosat ham afsuski shunaqa darajadagi avlod yetishib chiqyapti. Yaqinda bittasi bolalar maydonchasidagi turnik yonida og‘zidan saqichni tupurib tashlab ketyapti, shu yerda o‘tirgan yoshi katta ayol “Hoy, bola musor tashlama bu yerga, urnaga tashlasang bo‘ladi-ku, yosh bolalar o‘ynaydi bu yerda” desa, haligi befarosat “Nima divos, musormas, saqich u, san musor chaynab yuribsan demochimisiz, manga” deb ayolga qaytangi tashlanib ketyapti. Bunaqa befarosatlar ertaga sudga borib, “Qonunlarda musor tushunchasiga ta’rif berilmagan, saqich musor hisoblanadimi yo‘qmi keltirib bering” deb o‘zicha huquq talashmasligiga kim kafolat beradi. Menga ba’zida shunaqangi, bachkana, noinsof odamlar murojaat qiladiki, masalan, yaqinda bittasi telefon qilyapti. Xullas, Uzumga o‘xshagan platformalarda savdo qilish bo‘yicha o‘quv kursiga boribdi, o‘qituvchi unga 2 oy dars beribdi, hamma slaydlari, videoqo‘llanmalar, materiallarni beribdi. Bu yigit qo‘lidan kelganicha o‘rganibdi, bitiribdi, endi ishni boshlasa, hech eplolmayotgan ekan, qo‘lidan kelmayapti ekan. Shunga “shu o‘qituvchining ustidan yozib, 2 oylik kurs uchun to‘langan pulni qaytarib olib bera olasizmi, ROVD orqali” deydi. Bu avlod o‘zining tor fikrlashidan kelib chiqib “advokatlar ham pulini bersam, lyuboy ishni qilaveradi” deb o‘ylashsa kerak-da.
2025-yilda maktab o‘quvchilari tomonidan 1783 ta jinoyat sodir etilgan. IIV tahliliga ko‘ra, farzandi ta’limi va tarbiyasidagi majburiyatlarni bajarmagan 224 845 nafar ota-ona javobgarlikka tortilgan. Voyaga yetmaganning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 70 ming ota-ona esa profilaktik hisobga olingani ham vaziyatning jiddiy ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Bundan tashqari, yuridik ilmda “latent jinoyatchilik” degan tushuncha ham bor. Buning ma’nosi shuki, aytilmaydigan, ochiqlanmaydigan, ikki taraf ham indamagani uchun statistikaga kirmay qoladigan jinoyatlar. Ko‘plab korrupsion jinoyatlar latentligicha qolib ketadi, sababi beruvchi ham oluvchi ham rozi. Beruvchi agar ish bitmagan taqdirda ham u bu joyga dodini aytib bora olmaydi, sababi 30 kundan oshsa, o‘zi ham pora berish bo‘yicha javobgar bo‘ladi, pul esa, davlatga musodara qilinadi. Shuning uchun tinchgina “xudoga soldim, teshib chiqsin” deb ketaveradi. Korrupsiyaga o‘zi tashabbus ko‘rsatayotganida “xudo” esida bo‘lmaydiyu, pulga “uxlaganida” va o‘zi ham javobgar bo‘lib ketishini tushunganida esiga tushadi.
Endi asosiy mavzuga qaytsak. Davlat yaxshi niyatda “oilalar sal kelishmovchilikka ajrashib ketavermasin deb”, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muddat beringlar degan mazmunda sudlarga topshiriq berdi. Menga ham tez-tez ajrimlar masalasida murojaatlar bo‘lib turadi. Huquqiy tartibni tushuntiraman, shunaqa 6 oygacha muddat berilishi mumkin deb. Shunda avtomatik ravishda murojaatchi tomonidan “Tezlashtirish imkoni bormi? Xarajatlarini ham qilamiz” degan taklif bo‘ladi. Men bunday ishlarga aralashmayman desam, go‘yoki men qachondir u bilan korrupsion sherik bo‘lganday “Qo‘ysangizchi, O‘zbekistonda to‘g‘ri ishlab bo‘ladimi?” deydi. Bitta yaqin insonim ham advokatlik litsenziyasi uchun imtihonga qancha xarajat qilgansiz deganida, bir tiyin bermaganman, desam gapimga ishonmasdan, sal xafalashib ham qolgandik.
Ya’ni demoqchimanki, korrupsiya shu darajada qonimizga singib, kundalik hayot tarzimizga aylanib qolganki, korrupsiyasiz ish bitirish sal g‘alatidek tuyulyapti odamlarimizga. Rasmiy statistikalar to‘g‘risida bir narsa deyolmayman, biroq BMTning o‘zi dunyo bo‘yicha korrupsiyaning darajasi juda yuqori ekanligini tan olib, Bosh kotib Antonio Guterres Xavfsizlik kengashida Jahon iqtisodiy forumi hisob-kitoblariga ko‘ra, korrupsiyaning global narxi kamida $2.6 trillionni tashkil qilishini aytgan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra esa, korxonalar va jismoniy shaxslar har yili $1 trilliondan ortiq pora to‘laydilar. Tadqiqotlarga ko‘ra, korrupsion jinoyatlarning 53 foizi latentligicha qolib ketadi, ya’ni hech kim hech qayerga xabar bermaydi.
O‘zbekiston ham shuning uchun Transparency International CPI 2024 reytingida 180 mamlakatdan 121-o‘ringa tushib, 32 ball oldi — bu 2012-yildan beri birinchi marta tushish holati hisoblanadi. 2012-yildan beri yaxshilanib kelayotgandik, 2024-yilga kelib yana tushishni boshladik. Korrupsiya va latentlik haqida keyingi postlarda gaplashamiz. Ajrimlar masalasiga qaytsak.
Menga qiziq bo‘layotgan narsa shuki, mana shu olti oylik muddat berish amaliyoti o‘zini qanchalik oqlayapti, qancha oila yarashib, yana tinch, baxtli-saodatli yashab ketyapti. Shu bo‘yicha aniq raqamlar bormi? Mening hayotiy kuzatuvlarim esa, ancha salbiy natijalarni ko‘rsatmoqda, ya’ni shu olti oyda bir-birini pichoqlab qo‘yish, qonuniy ajrashmasdan turib boshqa er yoki xotin bilan yashab ketish, hattoki bola orttirish, bolalarning sarson bo‘lishi, quda-andalar o‘rtasidagi nizolar, mulk talashishlar. Eng yomoni esa, o‘rtada qaysidir firibgarlar sudni yomon otlik qilib, “Tezroq hal qilib beraman shu ishni” deb soqqani qilib yotibdi, amallab bir oy cho‘zsa, keyin “Men hech narsani bilmayman, kimga nima bergansiz, bunaqa gaplar gapirmang, o‘zingiz ham 211 bilan ketib qolishingiz mumkin” deb yo‘qolib qolishi. Qancha odamlar kuyib qolyapti, dardini kimga aytishni bilmasdan, bizga maslahat soladi va rostan ham 211 bo‘lishi mumkinmi, deydi. Qachon bergansiz, falon kuni, ha, mumkin, 30 kundan oshgan berganingizga.
O‘zbekistonda esa, yil sayin oilaviy ajrimlar soni oshib, qurilayotgan oilalar soni esa, aksincha kamayib boryapti. Demak, 6 oylik muddat berish bu ajrimlar statistikasini sun’iy kamaytirib turish va muddat tezlashtirish istagidagilar uchun korrupsion bo‘shliqqa aylanib bo‘lgan.