Tergov sudyasi va «asosli gumon» standarti
Qamoqqa olish to‘g‘risida iltimosnomani ko‘rib chiqayotganda sudlarning asosiy vaji “Hozir ayblov masalasiga kira olmaymiz, ehtiyot chorasi masalasi ko‘rilyapti. Tergovchi qanday modda bilan ayblayotganidan qat’iy nazar sud hozir uni muhokama qilolmaydi” degan vaj bo‘lmoqda. Natijada tergovchi shaxsni qamab olguncha unga juda og‘ir ayblovlarni qo‘yib, keyinchalik vaziyatga qarab ayblovni o‘zgartirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Odil sudlov — 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi 14.08.2026-yildagi PF-160-son Farmoni bilan ayni yuqoridagi masalada ham ijobiy o‘zgarish kutilmoqda.
Ya’ni Oliy sud va Bosh prokuraturaning 2027-yil 1-iyuldan boshlab «asosli gumon» (Prima Facie) xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qo‘llash (sanksiya berish) to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini, shubha tug‘ilgan taqdirda, tergov sirini ta’minlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilish yo‘li bilan tekshirish vakolatlarini berish haqidagi taklifi ma’qullandi.
2027-yil 1-iyuldan keyin tergov sudyalarida ayblovning asosli-asossizligiga qisman kirish vakolati bo‘ladi, nasib qilsa.