«Habeas korpus» va sud bosqichida qamoqda saqlash muddati
“Habeas korpus” institutining asosiy maqsadi dastlabki tergov ustidan sud nazoratini o‘rnatib, dastlabki tergovda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash. Biroq, sudning o‘zida “Habeas korpus” instituti qanchalik ishlashi JPKda tartibga solinganmi? JPK prinsiplari bo‘yicha sud ayblov ham, oqlov ham tarafda turmaydi, sud haqiqat, adolat va qonuniylik tarafida turadi.
Dastlabki tergovda ehtiyot chorasi sifatida insonni qamash sud tartibida amalga oshiriladi. Inson sudga olib kelinadi, prokuror iltimosnomasini qo‘llab-quvvatlaydi, himoyachi-advokat o‘z pozitsiyasini aytadi, sudga keltirilgan insonga ham so‘z beriladi, eshitiladi. Zarur bo‘lsa, hattoki tergovchi ham sudga chaqiriladi. Ana shundan keyingina sud alohida xonada o‘ylab ko‘rib, bir to‘xtamga keladi va chiqib ajrimni e’lon qiladi. Inson 3 oy muddatga qamoqqa olinadi, ehtiyot chorasi sifatida. Ya’ni qochib ketmasin, tergovga xalaqit bermasin, dalillarni yo‘q qilmasin, guvohlarni ko‘ndirmasin degan maqsadda.
Bu 3 oylik muddatni uzaytirish 5 oygacha viloyat darajasidagi prokurorlarning iltimosnomasiga binoan, 7 oygacha esa, Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari iltimosnomasiga binoan amalga oshirilishi mumkin. Uzaytirish masalasi ham xuddi yuqoridagi tartibda sudda yopiq majlisda, insonning o‘zi va advokati ishtirokida amalga oshiriladi.
Muddatni 7 oydan ham ko‘proqqa uzaytirish mumkinmi? “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonun (6-modda) qamoqda saqlash muddatlari JPKda belgilanadi, deb kodeksga havola qiladi. JPK 245-moddasi aytadiki, muddatni yanada uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xo‘sh, jinoyat ishi tergov tamomlanib ayblov xulosasi yoki dalolatnomasi bilan sudga yuborildi. Sud ishni ko‘rishga tayinlaguncha inson 3 oy qamoqda o‘tirib qo‘ygan. Sud o‘z tashabbusi bilan qamoqni uzaytirib olaveradimi? Yoki 5 oy muddat o‘tib ketgan, uzaytirib olaveradimi? 7 oy o‘tib ketgan bo‘lsachi? Uzaytiraveradimi?
JPK 395-modda bo‘yicha sudning o‘z tashabbusi bilan, hech qanday majlissiz, muhokamasiz, hech kimni eshitmasdan turib, ishni sudda ko‘rish uchun tayinlash to‘g‘risidagi ajrimida “Ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi to‘g‘ri qo‘llanilgan” deb yozib qo‘yishi qamoq muddatini avtomatik uzaytirib qo‘yish uchun asos bo‘laveradimi? Bu “Habeas korpus” instituti prinsiplariga qanchalik to‘g‘ri keladi? Nega JPKda shu tartibga solinmagan? Nega dastlabki tergovda qamoqni uzaytirmoqchi bo‘lsa, majlis bo‘ladi, inson va uning advokati eshitiladi, nega sudda yakka sudya, kabinetda bir insonning yana qanchadir muddatda qamoqda o‘tirishini hal qilib qo‘yadi?
JPKda umuman olganda o‘zi “agar shaxsni qamoqda saqlashning eng ko‘p 7 oylik muddati sud muhokamasi davriga kelib o‘tib bo‘lsa ham, sud muhokamasi muddati tugaguncha sud shaxsni qamoqda saqlashga vakolatli” degan norma bormi? Men bunaqa normani topa olmadim.