Toshturmadagi navbatlar va raqamli yechim
Xalq tilida Toshturma deyiladigan IIV JIED Markaziy tergov hibsxonasiga kirib-chiqish oson bo‘lmayapti. Elektron navbat uchun infokiosk soat 8.30 da ishlashni boshlagani bilan ichkariga kirishga ruxsatnoma yozish soat 9.00 da boshlanadi. Ungacha kamida 30-40 nafar advokat yig‘ilib qolyapti. Tekshiruvlardan o‘tib ichkariga kirib borgandan keyin ichkarida ham xonaga navbat bor. Adashmasam 18 ta xona ajratilgan advokatlar uchun. 19 bo‘lib kirsangiz xona bo‘shashini kutishga to‘g‘ri keladi.
Dastlabki 18 talikka kirib olgan taqdirda ham odamni olib chiqishga ancha vaqt ketib qoladi. Sababi hibsxona xodimlari smena almashishadi ayni shu ertalab. Natijada odamni olib kelib, gaplashish boshlangunicha ham soat 11 lar bo‘lib qoladi. Soat 13.00 gacha tashqarida ruxsatnoma yoziladi va soat 13.00 gacha ichkarida xonaga navbat kutayotgan 50-60 nafar advokat yig‘ilib qolyapti.
Kunning 2-yarmi. Soat 14.00 da tashqarida ruxsatnoma yozish boshlanadi. Kunning 2-yarmida ham birinchilardan bo‘lib, ruxsatnoma yozdirib ichkariga kirsangiz ham kunning 1-yarmida kirgan va xonaga navbat kutayotgan 30-35 nafar advokat bo‘ladi. Soat 17.00 dan keyin esa, ruxsatnomalar yozish to‘xtatiladi, ichkarida esa hali xonaga navbat kutayotgan va hamkasblar tezroq xonani bo‘shatsa edi deb turgan advokatlar, advokatlarni tezroq chiqarib yuborib, mahbuslarni joyiga qaytarishga shoshilayotgan hibsxona xodimlari, advokatga dardlarini oxirigacha gapira olmayotgan mahbuslar o‘rtasida doimiy norozilik. Kuniga o‘rtacha 150 nafar atrofida advokat kiryapti, har haftalik kuzatishlarim bo‘yicha.
Bu masala bo‘yicha jiddiy bir islohot qilinmasa bo‘lmaydi. Bu muammo advokat tomonidan malakali xizmat ko‘rsatish imkoniyatlariga ham ta’sir qilyapti. Sababi vaqt tig‘iz, hamma advokat ulgurishi kerak, xonaga kirayotganingizda hamkasblar “tezroq chiqarsiz” deb iltimos qilib yuborishadi. Odamingizda esa, dardlari yig‘ilib qolgan. “Qisqaroq qiling, vaqt kam” desangiz norozi bo‘lib qolishyapti.
Axborot texnologiyalarini kengroq joriy qilib, ish oqimini, jarayonni tezlashtirsa bo‘ladi. FaceID va QR kod o‘qiydigan texnologiyalar unaqa qimmat texnologiyalar emas bugungi kunda. Hamma advokatlik guvohnomalarida va orderlarda QR kod bor, e-advokat.uz tizimi baza sifatida hamma ma’lumotlarni jamlagan. Tergov hibsxonalari uchun bitta axborot tizimi yaratib, uni e-advokat.uz bilan integratsiya qilinsa hamda kiraverishga FaceID va QR kod o‘qiydigan texnologiya qo‘yilsa, ish ancha osonlashadi.
Advokat e-advokat.uz va Tergov hibsxonalari axborot tizimi orqali qachon va qaysi odami bilan uchrashmoqchi ekanini oldindan kiritib qo‘yadi, Tergov hibsxonalari axborot tizimi esa, shu odam haqiqatda shu yerdami yo‘qmi, sudga yoki tergovga olib ketilmaydimi, bu vaqtda uchrashuvga yoki boshqa advokat bilan ko‘rishishga band qilinmaganmi, etap qilinmaganmi tekshiradi va hammasi joyida bo‘lsa, band qilishni amalga oshiradi. Advokat boradi, infokioskka oldindan band qilish raqamini kiritadi, advokatlik guvohnomasi va orderlaridagi QR kodlarni skaner qilib, verifikatsiya qiladi, o‘zi esa FaceID bilan verifikatsiya qilinadi. Mahbus esa, belgilangan vaqtda xonada bo‘ladi.
Bu tizimni ishga tushirish orqali ko‘plab muammolarni hal qilsa bo‘ladi. Masalan, advokat shuncha navbat kutib kiradi, lekin ichkariga kirsa, odam tergovga yoki sudga olib ketilgan bo‘ladi, yoki etap qilinib, boshqa hibsxonaga yoki JIEMga yuborilgan bo‘ladi, yoki oilasi bilan uchrashuvda bo‘ladi. Tizim orqali bunday muammoning oldi olinadi. Vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish, yo‘q odam uchun soatlab kutish va nafaqat advokatning, hibsxona xodimlarining ham ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Bundan tashqari, hozir advokatning jinoyat ishlari bo‘yicha litsenziyasi bormi o‘zi yo‘qmi, guvohnoma va litsenziya amal qilishi to‘xtatib qo‘yilmaganmi degan masalalar faqatgina shubhali bir vaziyat bo‘lib qolsagina hibsxona xodimlari tomonidan QR kod skaner qilib tekshirilyapti. Tizim orqali esa, advokat guvohnoma yoki litsenziyasi bor-yo‘qligi, amalda yoki to‘xtatilganligi avtomatik tekshirish va bloklash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xullas, 2026-yilda yashayapmiz, texnologiyalardan samarali foydalanib, qog‘ozbozlik, bekor kutish kabilarni yo‘qotish vaqti keldi, menimcha.