Barcha tahlillar

«Stokgolm sindromi» va advokat

Panjarali kichik derazadan tushayotgan yorug‘lik
Surat: Cheng Shi Song / Unsplash

“Stokgolm sindromi” degan holat bor. Kimdir “zaderjaniya” qilingan, yaqinlari iltimos qilib chaqirishadi, yarim kechasi bo‘lishiga qaramay shu inson uchun borasan, tergov organi binosi tagida soatlab kutasan, ushlangan shaxsdan ko‘proq ma’lumot ovolish uchun seni kiritmaslikka ming bir bahona bilan harakat qilishadi, bir amallab kirasan, ushlangan shaxs bilan gaplashasan, ko‘nglini ko‘tarasan, oilasidagi vaziyatni yetkazasan, xullas, nafaqat advokat, psixolog, pochtalyon kabi vazifalarni ham bajarasan. Undan dastlab olingan ko‘rsatuvlari bilan tanishasan, ko‘rsatuvlari oqibatlarini tushuntirasan, u ko‘rsatuvlarining bir qismi noto‘g‘ri yozilganini tushunib yetadi, ularni o‘zgartiradi, bu esa tergovchiga yoqmaydi, bu sening “ta’siring” ekanini tergovchi yaxshi payqaydi. Shu daqiqadan boshlab tergovchi sen va himoyang ostidagi shaxs orasini buzish payida bo‘ladi. Tergovchiga senga o‘xshagan uning ishi silliq ketishiga xalaqit beradigan advokat kerak emas.

Qamoqqa sanksiyaga olib borishadi, sudga tushuntirasan vaziyatni. Sudda o‘sha gap: “Biz ayblov ichiga kira olmaymiz, ehtiyot chorasi masalasini ko‘ryapmiz”. Qamaydi. Chiqmagan jondan umid deb, apellyatsiya berasan, u yoqda ham shu gap. Toshturmaga qatnaysan, tergovchining qarorlari ustidan prokurorga shikoyat kiritasan, ehtiyot chorasini o‘zgartirishga iltimosnoma kiritasan, bir parcha qog‘ozda “Asos yo‘q hozir” deb javob keladi. Qiziq a, bizda odamni qamoqda ushlab turishga emas, uni qo‘yib yuborishga asos qidiriladi.

Oradan vaqt o‘tadi, kunlardan bir kun tergov harakati uchun chaqirishadi. Borasan, himoyang ostidagi bilan uchrashishing bilan senga o‘shqirib, jahl qilib, “Nima qilib yuribsiz o‘zi, kiritmaysizmi ehtiyot chorasini o‘zgartirishga iltimosnoma, mana hozir siz kelishingizdan oldin tergovchi bilan gaplashdim, advokatingiz iltimosnoma kiritsin, o‘zgartirib beramiz deyapti-ku” deydi.

Ensalaringiz qotib ketadi, hammasini boshidan tushuntirasiz, oldingi iltimosnomalar bo‘yicha kelgan bir parcha javob xatlarini ko‘rsatasiz, qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirish tergovchining mutlaq vakolati emasligi, prokuror roziligi bilan bo‘lishini aytasiz. Baribir sizga ishonmaydi, o‘zini qamagan tergovchining yolg‘oniga ishonadi. Yaxshiyamki, yoningizda tayyor iltimosnoma bo‘ladi, tergov boshlanishi bilan tergovchiga shunday berasiz. Shunda gaplardagi talqin o‘zgaradi, “Men sizni chiqarvoraman demadim, advokatingiz iltimosnoma kiritsin, ko‘rib chiqiladi dedim”ga aylanadi. “Mana iltimosnoma ko‘rib chiqing”, “Bilasiz-ku, uni rahbariyat hal qiladi”.

Shularni ko‘rib-bilib turib, himoyang ostidagi odam baribir senga ishonmaydi, rahbariyatiga ham kiritasan iltimosnomani. Yana o‘sha bir parcha “asos yo‘q” degan javob xati.

Endi himoyang ostidagi vaziyatni sal tushunib yetadi, tergovdan najot yo‘q, delo sudga tezroq chiqsa, sudda bir gap bo‘lar. Tergov uch oy, ayblov xulosasi tasdiqlanib ish sudga yetib borib, sud ishni boshlaguncha 4 oylar ketib qoladi. Endi iltimoslar o‘zgaradi, “Tergovchiga aytaylik, deloni uch oy sudramasdan tezroq sudga chiqarib bersin”. Tergovchi “hali tekshiriladigan joylari ko‘p ekan bu deloni, o‘rganyapmiz” deydiyu, 2 oyda biror marta tergovga chaqirmaydi. Oxir-oqibat chaqiradi baribir, shunda qamoqdagi inson tergovchidan o‘zicha izoh so‘raydi: “Buncha cho‘zdingiz”. Tergovchi “advokatingiz har xil iltimosnomalar shikoyatlar yozaverganidan keyin cho‘zilib ketdi-da bu ish”. Bu odam yana tergovchiga ishonadi, yana sen yomon, tergovchi esa, yaxshi. U aslida deloni tezroq chiqarish niyatida bo‘lgan, advokat esa, unga xalaqit bergan.

Xullas, bu holat “Stokgolm sindromi” deyiladi, shaxsda o‘ziga nisbatan zulm qilayotgan shaxsga nisbatan xayrixohlik, hurmat paydo bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatda zulm qiluvchida kuch, hokimiyat, voqealar rivojini o‘zgartirish imkoniyati borligini biladi.

Shuning uchun men birinchi navbatda himoyam ostidagi shaxsni mana shu sindromdan ogohlantiraman. Tergovchining vazifasi yaxshilik qilish emas, jinoyatni ochish va ayblov xulosasi tuzish ekanini tushuntiraman, aynan ayblov xulosasi “HAQIQAT XULOSASI” emas. Kodekslarda “haqiqatni aniqlash” deb ko‘rsatilgani bilan, hayotda afsuski, “kerak bo‘lsa sudda oqlanib ketaversin” deb ayblash holatlari ko‘payib bormoqda.