Barcha tahlillar

Zarar qoplanmagani qamoq uchun asos emas

Bog‘ichlar bilan bog‘langan qalin hujjat jildlari
Surat: Sear Greyson / Unsplash

Dastlabki tergov sifati tushib ketib, tergovchilarning topib olgan gapi “ehtiyot chora qamoq tanlayman” bo‘lib qoldi. Moddalarni “buket” qilib, shablon jumlalar bilan sanksiyaga olib chiqishyapti. Tergov sudyalarining ham topib olgan gapi “Men ishga mazmunan kira olmayman”. Xo‘p, siz mazmunan kirmang, lekin prokuror bu shaxsning ko‘chada yurishi tergovga nima to‘sqinlik qilishini asoslab bersin, hali to‘g‘ri aniqlanganmi yo‘qmi noma’lum bo‘lgan, kosmik raqamlarda ko‘rsatilgan summalarni “zarar qoplanmagan, ehtiyot chorasini qanoatlantirishingizni” so‘rayman deb turavermasdan. Vaholanki, JPKning biror moddasida shaxs tergov gumon qilayotgan yoki ayblab ko‘rsatayotgan zararni qoplamasa, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llaniladi degan joyi yo‘q.

Ana shunday jinoyat ishlaridan yana biri bo‘yicha tergovchi zarar hamda ehtiyot chora bo‘yicha gap boshladi. Unga vaziyatni tushuntirdim va JPK 87-modda bo‘yicha men ham dalillar taqdim qilishimni hamda shu dalillarga majburiy baho berganidan keyingina zarar va ehtiyot chorasi masalasiga qaytishimizni iltimos qildim.

6 ta jildda (2 109 varaq jami) asoslovchi hujjatlarni yig‘ib, ularni o‘rganib, shu bo‘yicha 27 varaqda 11 ta asos ko‘rsatib iltimosnoma va nazorat qiluvchi yuqori turuvchi prokurorga shikoyatlarni 2 oydan ziyod mehnatdan keyin tayyorlab topshirdim. Bir necha tashkilotlardan advokat so‘rovi orqali olingan javoblar, bir necha shaxslardan olingan tushuntirishlar ham ilovalarga qo‘shildi.

Endi tergovchining bu dalillar bo‘yicha bir to‘xtamga kelishini kutyapmiz, agar shundan keyin ham o‘z bilganidan qolmasa va bunga nazorat qiluvchi yuqori turuvchi prokuror reaksiya bildirmasa, bilmadim, to‘g‘risi…