Barcha tahlillar

Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi

Qoyalar orasida egilib o‘sgan, lekin sinmagan yolg‘iz daraxt
Surat: Charles Marleau / Unsplash

JPK bo‘yicha ish sudga kelib tushganidan 7 kun ichida (alohida hollarda o‘n kun) ko‘rish uchun tayinlanishi, yana 10 kun ichida ko‘rish boshlanishi va boshlangan kundan ikki oy ichida ishni ko‘rib tamomlashi kerak. Uzaytiriladigan holatlar bor, lekin 6 oydan oshishi mumkin emas, baribir.

Biz ishga 13-yanvar kuni kirishgandik, 1-instansiya — tuman sudi. 23-sentyabr kuni hukm e’lon qilindi. Himoya ostimizdagi shaxs qamoqdan ozod qilindi. Uni qamoqqa olish va saqlab turish uchun asos bo‘lgan moddalar o‘z isbotini topmadi, bu moddalar bo‘yicha oqlandi. Biroq uncha og‘ir bo‘lmagan bitta modda bo‘yicha aslida aybi bo‘lmasa-da, aybdor deb topildi. Aybdor deb topilmasa, uning bir yildan ko‘proq vaqt davomida qamoqda nohaq saqlangani uchun kimdir javob berishi kerak bo‘lardi, davlat buni kompensatsiya qilib berishi kerak bo‘lardi. Shuning uchun oqlanmadi.

Apellyatsiya beraylik dedim. Uyaldi, xijolat bo‘ldi, chunki biz bilan shartnoma tuzayotganda ish 2-3 oy davom etadi deb taxmin qilingandi. Ish 9 oydan uzoqroqqa cho‘zildi, shartnomamizda agar sud jarayoni cho‘zilsa, bu ish hajmidagi jiddiy o‘zgarish bo‘ladi va to‘lovni qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi, degan band bor edi.

Ammo biz bu bandni aktivatsiya qilmadik, chunki ba’zida prinsiplar puldan ustunroq turadi va biz oxirigacha bordik. Apellyatsiyada ham davom ettirmoqchimiz, biroq himoyamiz ostidagi odam charchadi, adolat ham qisman bo‘larkan, to‘liq adolat hech qachon qaror topmas ekan degan fikrda. Ustozlarimdan biri “Oxiriga yetmagan maqollar” ruknidan deb “Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi. Shu bilan birga o‘z asl holiga qaytib kelmasdan, shu egik, bukik holida qolib ketadi” degan edi.

Adolat ham shunaqaga o‘xshaydi.

Himoyamiz ostidagi shaxsning oilasidan SMS oldim va uni shunchaki shu yerda ulashgim keldi.

Assalomu alaykum aka yaxshimisiz? Kattakon raxmat aka bugungi kungacha shuncha turib berganlariz uchun! Juda xursand bo‘ldik! Bundan keyingi ishlaringizga rivoj bersin!

Sud ishni qanaqa qilib, 9 oydan ko‘proqqa cho‘za olgani keyingi postlarda, nasib qilsa.