Barcha tahlillar

Vaqti kelganida «xo‘jayinlar» emas, sizni huquqiy tizim va qonun himoya qiladi

Idora binosining uzun bo‘sh yo‘lagi
Surat: Lutz Stallknecht / Unsplash

Advokatlik amaliyotimizda shuni kuzatamizki, ko‘plab noqonuniy ishlar yuqoridagi rahbarlarning emas, balki quyidagi ijrochilarning qo‘li bilan qilinadi. Masalan, advokatni himoya ostidagi shaxs bilan holi uchrashishga to‘sqinlik qilish, telefon bilan kiritmaslik, hujjatlar bilan tanishtirmaslik, nusxa bermaslik va shu kabilarni qilayotgan xodimdan huquqingizni talab qilsangiz avval “Mumkin emas” deydi, keyin qonunni keltirib bersangiz “Xo‘jayinlar ruxsat bermagan” “Xo‘jayinlar shunaqa degan” kabi vajlarni keltirishadi. “Biz kichkina odam, biz hech narsani hal qilmaymiz, topshiriq bajaramiz, xolos” deb ham qo‘yishadi.

Shu vaqtda men ularga aytamanki, mana shu ko‘r-ko‘rona itoati natijasida mabodo biror muammo chiqib qolsa, o‘sha “xo‘jayinlar” birortasi kelib, “Ha, haqiqatda men shunaqa topshiriq bergandim, bu xodimning hech qanday aybi yo‘q” deb sizni qutqarib ketmaydi. “Xo‘jayinlar” har doim “Qonuniy ishlanglar, qonuniy hal qilinglar, deganmiz” deb o‘zlarini chetga olishadi. Bunaqa misollarni nafaqat advokatlik amaliyotimda, davlat organi va tashkilotlarida ishlaganimda ham ko‘p uchratganman. Ho‘l-u quruq birga yonib, kattasiyu, kichigi javobgar bo‘lib, qamalib ketgan misollar ko‘p.

Qonun oldida katta odam, kichik odam degan tushuncha yo‘q. Hamma qilgan ishiga javob beradi. Biror topshiriq bo‘lganida biroz shoshmasdan “shu o‘zi qonuniymi” deb fikrlaylik. Noqonuniyligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdimi, sal yurak yutib, chiroyli diplomatiya bilan tushuntiraylik “xo‘jayinlar”ga, sababi u “xo‘jayin” ham o‘zidan tepasidagi “xo‘jayin”ning topshirig‘ini sizga qildirayotgan bo‘lishi mumkin. Qonun ustuvorligini emas, “xo‘jayinlar”ning qonuniy bo‘ladimi, noqonuniy bo‘ladimi aytganini ko‘r-ko‘rona qilib yuraversak, kun kelib, aynan shunday noqonuniy topshiriq sizning o‘zingizga nisbatan, yaqiningizga nisbatan bo‘lganida bu dunyo qaytar dunyo ekanini tushunasiz, endi afsuski, tizimdan nolinganning foydasi yo‘q, sababi o‘zingiz ham shunday tizim qurilishiga vaqtida hissangizni qo‘shib qo‘ygan bo‘lasiz.

Keyin iltimos, davlat organlaridan “Xo‘jayin” “shef” “katta” kabi murojaat qilish usullarini yo‘qotaylik. O‘zim ishlagan vaqtlarda ham shuni hech yoqtirmasdim, hozir ham ensam qotadi. “Xo‘jayin” degani quldorlik davrida bo‘lgan. Qulning xo‘jayini bo‘lgan. Davlat organlaridagi quyi xodimlar qul emaski, yuqorilarga bunday murojaat qilishsa. Mayli, boshliq denglar, rahbar denglar, ustoz denglar. Lekin shu “xo‘jayin”, “shef”, “katta” deyishni to‘xtataylik. “vich vich” — “falonchi falonchiyevich” “pistonchi pistonchiyevich” kabi uslubda gaplashishga ham qo‘shila olmayman. Bu ham bir Sovet tuzumidan qolgan, bo‘lmag‘ur udumlardan deb o‘ylayman.