Shriftni «Times New Roman»ga o‘zgartirib berish 100 ming so‘m bo‘ladi
Aholining ba’zi qatlamida afsuski advokatlar arzimas ishlar uchun ko‘p pul olishga urinadi, degan asossiz tasavvur bor ekan.
O‘zimning hayotimdan real misol. Shu desangiz, bir necha yil oldin Cobalt olgandim, nasib qilgani shu bo‘lib, magnitofoni yo‘g‘ini olishga to‘g‘ri keldi. Ikki-uch hafta magnitofonsiz yurdim, yiqqan tikkanni olib tanishlarning tavsiyasi bilan “Tuning, detailing” degan joyga bordim. Chexol, polik, qirilmasin deb laminatsiyalarini qildirdim, har biriga sotib olishga alohida to‘lov, o‘rnattirishga alohida to‘lov. Navbat magnitofonga keldi, Cobalt o‘zining “zavodskoy”idan qo‘ydiradigan bo‘ldim. Oldin Nexia 3 da rul orqali boshqarib o‘rganib qolgandim, rulga ham Multimedia boshqaruvi qo‘ydiradigan bo‘ldim.
U multimedia knopkalarini sotib olishga alohida to‘lov qildim, rulni kesib o‘rnatishga alohida to‘lov olishdi. Endi ishlaydimi desam, “Hali programma qilinmadi, programma falon pul bo‘ladi” dedi. “Nega shuni boshidan aytmaysizlar, sotib olib, o‘rnatishdan maqsad shuni ishlatish-ku, o‘rnatib beriladi deganda sizlarda programmayu, balo-battarlarini ham o‘rnatib ishlatib berish tushunilmaydimi” desam o‘zlaricha bir narsalar deb, xullas, o‘zlarini oqlashdi. Mayli dedim, sabr qildim, lekin keyin juda oshirvorishdi. Multimedia knopkasining “zavodskoy padsvetkasi” oq bo‘larkan, bir vaqt programma qilayotgan yigit oldimga keldi-da, “Oka, padsvetkasini Cobaltning o‘ziniki bilan bir xil qilib, ko‘k qivoruriymi?” dedi. Ha, mayli qivoruring desam, “Oka ustiga yana 100 ming qo‘shiladi-de, programma uchun to‘lovning” deb qoldi. Miyamga urib qoldi, insofinglarga o‘sha karoche, dedim-da, yig‘ishtir lash-lushingni deb, chiqib ketdim. Shu-shu haligacha multimedia knopkalar padsvetkasi oq yuribman. Vaholanki, o‘sha programma qilinayotganda shunchaki nastroykadan u-bu joyini o‘zgartirsa, rang o‘zgarardi. Shunga ham mendan o‘zlaricha qo‘shimcha pul undirmoqchi bo‘lishdi.
O‘tgan yili boshqa bittasiga bordim, injektor masalasida. U yerda u ham programmani to‘g‘rilashni taklif qilib, tabloda Gradus temperaturani chiqadigan qilib beraman deb qoldi. Necha pul bo‘ladi desam, 100 ming bo‘ladi dedi. Men advokatman dedim, oldimga ishing tushib borsa, arizaning har bir varog‘iga numeratsiya qo‘yib beraman, 100 ming so‘m bo‘ladi dedim, keyin ariza bizda “Trattatello” degan shriftda yoziladi dedim, u qanaqa shrift deb so‘rab qoldi qiziqib. U Romeo Juletta bir-biriga sevgi maktublarini yozgan shriftga o‘xshaydi, u arizangizni o‘qigan prokuror yoki sudya sizni shriftdan ayol kishi deb tasavvur qilsa kerak dedim. “Normalniy shriftda yozilsa bo‘lmaydimi?” dedi. “«Times New Roman»ga o‘tkazib berish 100 ming bo‘ladi”, dedim. G‘alatimasmi, dedi. “Programma qilayotgan vaqtingda tabloda ko‘rinadigan narsalar degan joyida temperaturani ham belgilab yuborishing uchun 100 ming so‘rashing g‘alati emasmi?” desam, keyin yetib keldi u bolaga.
Lekin baribir otdan tushsa ham egardan tushmadi, “Programma apparatini palon pulga olib kelgan xo‘jayinlar, puli chiqishi keragu, oka” deb qoldi. Biz ham 2-3 yillab repetitorga pul to‘lab qatnab, o‘qishga kirganmiz, 4 yil kontrakt to‘lab o‘qiganmiz, kvartirama-kvartira sarson bo‘lganmiz, birovga bir maslahat bera oladigan advokat bo‘lguncha qancha tajribalarni ko‘rganmiz, oyiga falon pul ofis arendaga, kanstovarga, benzin-gazga falon pul xarajat qilamiz, bizning ham xarajatlarimiz chiqishi kerakmasmi dedim.
Xullas, SSSR tuzumini deb, advokatura 100 yil orqada qolib ketdi, 100 yil oldin Yevropa aholisi advokatlar to‘g‘risida bizning hozirgi odamlar kabi fikrlagan ekan.
Insofni unutmaylik, 5 oyga yurdim bittasining ishi uchun, haftasiga 2 martalab turmaga oldiga kirgan vaqtlarim bo‘ldi. Aybi bor edi haqiqatda, sud sanksiya doirasida, og‘ir ham emas, yengil ham emas, o‘rtacha jazo tayinladi. Hisob-kitob kuni keldi, mehnatimni endi shunday yerga uryaptiki, maqsad hisob-kitobni oxiriga yetkazmaslik. Shunda u odamga bitta haqiqatni tushuntirdim — operatsiya stolida vrachingni norozi qilma, o‘lib ketishing, mayib-majruh bo‘lib qolishing mumkin, ovqatingni olib kelayotgan ofitsiantga katta gapirma, ovqat bilan qo‘shib ofitsiantning tupugini ham yevorishing mumkin, advokating bilan ham o‘ynashma, sen haqingda u xotiningdan, bolalaringdan ham ko‘proq narsa bilishi mumkin, sirlaring u bilan birga ekan, keyingi tinch-xotirjam hayoting ham u bilan birga.
Xulosa o‘zlaringizdan.