Barcha tahlillar

«Talab va taklif qonuni» hamda advokatura

Bozordagi qizil idishlarda ziravorlar
Surat: Dasha Novikova / Unsplash

SSSR tuzumida bozor iqtisodiyoti emas, rejali iqtisodiyot bo‘lgan. Advokatlarga ham davlat tomonidan rejalashtirilgan ravishda ish haqi to‘langan. Hattoki, o‘zi mustaqil ravishda advokat topib kelgan odamni “advokatga gonorar uchun pulni qayerdan olding” deb advokati bilan qo‘shib so‘roq qilib, javobgar qilib yuborilganlik holatlari ham bo‘lgan ekan, ba’zi manbalarga ko‘ra.

Mustaqillikdan keyin bozor iqtisodiyoti e’lon qilindi, unda talab va taklif qonuni ishlaydi hamda bu qonun bozor va narx muvozanatini shakllantiradi. Bu iqtisodiy qonunga ko‘ra, bozorda muayyan tovar yoki xizmatga talab ko‘p bo‘lsa ya’ni u tovar yoki xizmatni sotib olish istagidagi xaridor ko‘p bo‘lsayu, lekin taklif ya’ni aynan shu tovar yoki xizmatni sotishga, yetkazib berishga tayyor sotuvchi kam bo‘lsa, unda bozor defitsitga — yetishmovchilikka uchraydi va narxlar ko‘tarilib ketadi. Aksincha bo‘lsa ya’ni taklif ko‘p bo‘lib, talab yetarli bo‘lmasa unda tovar va xizmatlar sotilmay qoladi, sotish uchun narxlarni tushirishga, qo‘shimcha bonuslar berish kabilarga majbur bo‘linadi.

Real voqea. Shanba kuni. Kunning 2-yarmi, sherik advokat bilan birga mashinada ketyapmiz. Sherigimga telefon keldi, klient ekan, muammosini tushuntirdi. Klient qachon ko‘rishsak bo‘ladi deb so‘rayapti, sherigim “Bugun shanba, ertaga yakshanba, dushanba ishga chiqaman, dushanba kela qoling” dedi. Shunda “Iye, advokatlar klient kutib o‘tirardi-ku, siz dushanba kel deyapsizmi” deb ajablangan holda munosabat bildiryapti. Sherigim ham “unda bemalol o‘sha kutib o‘tirgan advokatlar bilan uchrashib, ishlayvering” deb javob berdi. Shu bilan narigi taraf “mayli, xabarlashamiz” deb aloqa uzildi. Bu bitta voqea emas, bunday holatlar tez-tez uchrab turadi.

Advokatlik xizmati ham bu bir bozor, yuridik bozor. Aholi bu bozordagi talab va taklif muvozanatini bilmasdan turib, taklif judayam ko‘p, talab esa, juda kam deb umuman asossiz fikrda hali. Ba’zilar “Advokat klient kutib, pashsha qo‘rib o‘tiradigan, bir amallab klient kelib qolsa, ish bor, bo‘lmasa umr o‘tib ketaveradigan ish bu, kasb bu” degan xomxayolda ekan haliyam. Aslida esa, real hayotda buning teskarisi. Advokatlik xizmatiga talab kattayu, lekin taklif kam. e-advokat.uz tizimida shu kecha-kunduzda jami 7741 nafar advokat bo‘lsa, qo‘pol qilib olganda yarmiga yaqini advokatlik bilan faol shug‘ullanmaydi. Ba’zilari sog‘ligi ko‘tarmagani, ba’zilari boshqa ish bilan bandligi, ba’zilari eri ruxsat bermagani, yana ba’zilari chet eldaligi kabi sabablar bilan ayni damda yuridik bozorga advokatlik xizmati taklif qila olmaydi. Ba’zilarida esa, litsenziyaning faqat bir turi — yo jinoiy-ma’muriy, yoki fuqarolik-iqtisodiy bo‘lgani uchun ular ham ba’zi xizmatlarni xohlasa ham taklif qila olmaydi. Ba’zilari esa, bu kasbning stressidan shunchaki charchagan, toqati qolmagan ishlashga, xohlamaydi ishlashni.

Bozorda esa, talab katta. Tergov organlari har kuni narkotik, psixotrop, kiberjinoyatlar, firibgarlik, yo‘l transport hodisalari, korrupsiya va poraxo‘rlik kabilar bo‘yicha pachkalab jinoyat ishlari qo‘zg‘atishyapti, “qama-qama” ham yetarlicha, Toshturmaga odam sig‘masdan yana qo‘shimcha binolar qurishyapti. Yiliga qancha oilalar ajrimi bo‘lyapti, qancha firmalar ochilyapti-yopilyapti, qancha kreditlar to‘lanmay qolyapti, soliqlar bilan, shartnomalar bilan bog‘liq qancha muammolar bor. Bularning hammasi advokatga ish. Shuning uchun ham hattoki kecha universitetni bitirib, 3 oy stajirovka o‘tab advokat bo‘lgan “novichok”larimiz qo‘lida ham kamida 3-4 tadan ish bor.

Advokatlikni boshlaganimdan beri biror kun bekor qolib ketmadim, Allohga shukr. Har kuni odamlar bilan gaplashib muammolarini eshitish, sud, tergov, delo o‘rganish, sheriklar bilan ishlash, shogirdlarga ish o‘rgatish. Ofisda 20 kishi ishlaymiz, hammasi advokat. Hammasi nimadir bilan band, asosiy ishdan tashqari, kimdir oliygohlarda dars beryapti, kimdir magistraturada o‘qiyapti, kimdir PhD qilyapti, yana biri Soliq maslahatchisi kurslarida, yana birlari Sud boshqaruvchisi kurslarida, yana biri Mediatorlikka o‘qiyapti, ba’zilari til o‘rganyapti. Ijtimoiy tarmoqlar uchun kontentlar tayyorlanyapti. Haftada bir-ikki marta futbol, toqqa trekkingga borib turiladi, zallarga chiqiladi. Klient oqimi ham shunga yarasha — networking orqali deyarli har kuni kamida 2-3 kishini qabul qilamiz. Wilson qonuni degan universal qonun haqida eshitgan bo‘lsanglar kerak, bu qonunga ko‘ra, inson qancha ilm, izlanish, o‘z ustida ishlash yo‘lida bo‘lsa, daromad ham shunga yarasha ko‘payib boradi, rizq o‘zi quvib keladi, barakali bo‘ladi.

Xalqimizning ba’zi qismi tasavvurida esa, advokat klientsiz, kimdir eshik taqillatib kelib qolarmikan deb, pashsha qo‘rib o‘tiribdi. To‘g‘ri, shunday zamonlar bo‘lgan, 90-yillar 2-yarmida mamlakat iqtisodiy qiyinchilikka uchragan vaqtlarda, odamlar non topishi qiyin bo‘lgan vaziyatda advokatlik xizmatiga, albatta talab bo‘lmagan, chunki birinchi navbatda birlamchi ehtiyojlar — oziq-ovqat, boshpana, kiyim kabilarni qondirish zarur bo‘lgan. Biroq, hozir zamon o‘zgardi, bugungi kunga kelib iqtisodiy faollik keskin oshdi, ichki va tashqi aloqalar ancha kengaydi, oldinlari viloyatdan odamlar Toshkentga yiliga bir-ikki marta kelib keta olgan bo‘lsa, hozir haftasiga kerak bo‘lsa 1-2 marta borib kelyapti. Chet ellarga ham xuddi shunaqa.

Advokat deganda, faqatgina sud yoki tergov ishini tushunish kerak emas. Advokat dars bera oladi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullana oladi, patent vakili, mediator, sud boshqaruvchisi, hakamlik va arbitraj sudyasi, yuridik xizmat xodimi kabilarda ishlay oladi, har xil loyihalarda huquqiy ekspert sifatida qatnashishi mumkin. Xullas, agar advokat o‘z ustida ishlasa, mas’uliyatli bo‘lsa, sifatli xizmat ko‘rsatsa, u hech qachon bekor turib qolmaydi. Bunday advokatga “shundog‘am bekor o‘tiribsan-ku”, deb o‘z shartlarini o‘tkazishga urinish yoki juda past narxga ko‘ndirishga urinish, bu shunchaki fikrlashingiz eskicha qotib qolganini ochiq namoyon qilishdan, zamon o‘zgarishini tushunmayotganingizni ko‘rsatishdan boshqa narsa emas.