Barcha tahlillar

«O‘ZBEKISTON — 2030» Strategiyasida advokatura

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi PF-158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” Strategiyasining 88-bandi “Advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish” deb nomlanib, unda:

  • Advokatura institutini o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish hamda uning davlat organlari va boshqa tuzilmalardan chinakam mustaqilligini ta’minlash.
  • Advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish.
  • Advokatlar sonini kamida 2000 nafarga ko‘paytirish.
  • Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvini kamida 50 foizga yetkazish nazarda tutilgan.

Menimcha, strategiyada eng kam e’tiborga olinganlar advokatlar bo‘lsa kerak. Umuman, islohotlar davrida normativ-huquqiy hujjatlarni aloqa nuqtayi nazaridan tahlil qilinsa, sud, prokuratura, tergovga oid, bu sohalarni rivojlantirishga oid hujjatlar soni advokaturani rivojlantirishga oid qabul qilingan hujjatlardan bir necha barobar ko‘p. Va yana shu tendensiya davom etmoqda. Ayb o‘zimizda, biz advokatlar tashabbus bilan chiqmasak, hech kim bizning sohamizni rivojlantirib bermaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-300-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan Amaliy tadbirlar rejasida 88-maqsad: Advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish deb ko‘rsatilgan bo‘lib, rejaning 24-bandida Advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish ko‘rsatilgan va u:

  1. Advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy va samarali mexanizmlarini tahlil etgan holda takliflar ishlab chiqish.
  2. Advokatlar malakasini oshirishni takomillashtirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish.
  3. O‘rganilgan tahliliy ma’lumotlar asosida Advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy, uzluksiz va xalqaro standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Muddati 2023 yilning sentabr oyi oxirigacha, mas’ullar – Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasi (bugun 4 oktabr, takliflar ishlab chiqilganmikan?!)

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan MAQSADLI KO‘RSATKICHLARda 2030 yilgacha Advokatlar sonini kamida 2000 nafarga ko‘paytirishga erishish, shundan 2023 yil oxirigacha 300 nafarga, 2024 yil oxirigacha yana 500 nafarga ko‘paytirish belgilangan. (2030 yil oxirigacha 2000 ga emas, unda ancha ko‘pga ko‘payishimizga ishonaman).

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha 2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar RO‘YXATIda Advokatura institutini o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish va uning davlat organlari va boshqa tuzilmalardan chinakam mustaqilligini ta’minlash, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish bo‘yicha Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasi 2023 yilning oktabr oyi oxirigacha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, kiritishi kerak (Umid qilamizki, bunday hujjat ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi).

Keyingi postimizda advokatura sohasida ijro ta’minlanmasdan qolayotgan hujjatlarga to‘xtalamiz.

Ushbu maqola avval firmaning eski saytida e’lon qilingan.