Oqlov hukmi va tergovchiga xususiy ajrim
Himoyamiz ostidagi shaxs sudning hukmi bilan oqlandi. Unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “v” bandlari hamda 4-qism “a” bandi bilan ayb qo‘yilgan edi.
Sud tergovchiga ham munosabat bildirib, jinoyat bilan fuqarolik-huquqiy munosabatning farqiga bormaganligi uchun unga xususiy ajrim chiqardi.
Tergovchi haqiqatan ham jinoyat bilan fuqarolik-huquqiy munosabatning farqiga bormaganmi?! Albatta, farqiga borgan, har holda oliy ma’lumotli yurist, bir necha yillik tajribaga ega, Oliy sud Plenumi qarorlarini juda yaxshi biladi.
Faoliyatimiz davomida mana shunday holatlarda sudga iltimosnoma kiritib, tergovchining o‘zini sudga chaqirib, so‘roq qilish holatlarimiz ko‘p bo‘lgan. Tergovchilarga ish bo‘yicha bir necha savollar berib, ularni “tupik”ka taqab borganimizda esa, ular universal javobni o‘rganib olishgan, ya’ni “Men dastlabki tergov harakatlarini o‘tkazib, to‘plangan dalillar shaxsni ayblash va ayblov xulosasi tuzish uchun yetarli deb hisobladim. Ayblov xulosasi bilan birga ishni prokurorga topshirdim. Sizlar aytayotgan shuncha kamchiliklar bo‘lsa yoki men shaxsni noto‘g‘ri ayblab bergan bo‘lsam, nimaga prokuror ishni qaytarmadi, nimaga prokuror o‘zi ishni tugatib tashlamadi. Prokuror ishni tasdiqlab sudga jo‘natgan-ku, prokuror kelib mana sudda ayblovni qo‘llab-quvvatlab o‘tiribdi-ku”. Afsuski, shu gaplar yangraganda davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlayotgan prokuror sud zalida bo‘lmaydi.
Prokuraturani ham tushunaman, bitta tumanda 5-6 nafar sudya bo‘lsa, bitta tuman prokuraturasida 1 yoki 2 nafar prokuratura xodimi jinoyat sudlarida davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlashga biriktiriladi. Bu 1-2 nafar prokurorning sudlarda qatnashishdan tashqari ham yuzlab ishlari, topshiriqlari bor. Sudlarda esa, har kuni har bitta sudyada 3-4 tadan protsess. Yoki prokurorlarni ko‘paytirish kerak, yoki sudyalarni kamaytirish kerak, yoki boshqa bir islohot qilib, bu nomutanosiblikni to‘g‘rilash kerak, xullas.
Yuqoridagi ish bo‘yicha ham tergovchining o‘zini chaqirib, so‘roq qilishga iltimosnoma tayyorlayotgan edik. Chunki, bu tergovchidan oldin ish bo‘yicha 1 marta jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan va 4 marta 4 ta tergovchi tomonidan ish “bu jinoyat emas, fuqarolik-huquqiy munosabat, fuqarolik sudiga boringlar” deb tugatilgandi. Bu jarayonlardan birida boshqa bir advokat hamkasbimiz ham qatnashgan ekan. Bizda “nimaga oldingi 5 ta tergovchi jinoyat emas, deb turgan holatni bu tergovchimiz jinoyat deb hisobladi ekan” degan tabiiy savol tug‘ilgandi. Bu tergovchimiz ham begona emas, 1 yilcha oldin boshqa bir tuman sudida boshqa bir ish bo‘yicha shu tergovchini so‘roq qilganmiz va yana chaqirar ekanmiz-da deb turgandik.
Boshqa ish bilan tergov organiga borganimda tasodifan uchratib qoldim bu tergovchini. Ko‘rishdik, so‘rashdik va jinoyat ishini eslatib, sudga iltimosnoma tayyorlayotganimni, suddan chaqirib qolishsa, hayron bo‘lmasligini va sudda gaplashishimizni aytdim. Odatda, shaxsning haqiqatda aybdor ekanligiga o‘zi ishonadigan tergovchilarda bunaqa vaziyatda “Bo‘ldi, sudga borib, bo‘yniga qo‘yib beraman aybini, kerak bo‘lsa yana” degan reaksiya bo‘ladi. Bu safar unday bo‘lmadi. Tergovchining o‘zi afsuslangan va vijdoni qiynalgan bir holatda “Sud qamab yubormasa kerak a, oqlab yuborsa yaxshi bo‘lardi” dedi. Axir JK 168-modda 4-qism bilan shaxs 10 yilgacha qamalib ketishi ham mumkin. Shunda “O‘zingiz shuni bilar ekansiz, nima qilardingiz ayblab chiqarib?” desam tergovchi tinchgina boshini irg‘ab, “o‘zingiz yaxshi bilib turibsiz-ku” deb qo‘ya qoldi.
Shundan keyin tergovchini chaqirish bo‘yicha iltimosnoma bermadik va mabodo ayblov hukmi chiqsa, shunda chaqiramiz deb reja qilgandik, sud oqlov hukmi o‘qidi. Qonun hamma uchun bir bo‘lishi kerak, oddiy fuqaro uchun ham, general uchun ham, O‘zbekiston Xalq artisti uchun ham, O‘zbekiston Qahramoni uchun ham.
Hurmatli tergovchilar! “Delo”ngizni prokuror tasdiqlasa ham, ayblovni prokuror qo‘llab-quvvatlasa ham xususiy ajrimlar sizlarga chiqyapti. Eng yomoni esa, nohaq ayblangan mazlum shaxs sizni eslab qolyapti, uning ko‘z o‘ngida zolim sifatida siz qolib ketyapsiz, kabinetdagi prokuror emas. Mazlumning duosi esa, ijobat deyilgan.