Barcha tahlillar

O‘zbekistonda nega oqlov hukmlari kam chiqadi?

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart deya isbotlash subyektlari qatoriga sud ham kiritilgan. Bu esa, sudlar tomonidan sud jarayonida haqiqatni aniqlash maqsadida emas, balki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovni isbotlash yo‘nalib qolmoqda. Xususan, sudlar tomonidan sud tergovi jarayonida so‘roq qilinuvchiga qarata “dastlabki tergov davomida bergan ko‘rsatuvlaringizni tasdiqlaysizmi” degan savolning berilishining o‘ziyoq odil sudlovga qarshi harakat bo‘lib, sudning o‘rtada tarozi emas balki ayblov tarafda ekanligiga dalolat qiladi.

Vaholanki, sud so‘roq qilinayotgan shaxsning dastlabki tergovda qay ahvolda, nimalar ta’siri ostida, nima maqsadda ko‘rsatuvlar berganligini bilmaydi (so‘roq qilinayotgan shaxs dastlabki tergov vaqti so‘roq qilinganida soatlab kuttirib qo‘yilgan bo‘lishi, sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagan bo‘lishi, tergov organi “siz shunday ko‘rsatuv beravering, hammasi yaxshi bo‘ladi” deb aldab imzo qo‘ydirib olgan bo‘lishi, boshqa bir shaxsni uning ko‘z oldida ushlab, qamoqqa olish orqali ruhiy bosim qilingan bo‘lishi mumkin). Аmaliyotda bunday holatlarga misollar hamda dastlabki tergovda berilgan ko‘rsatuvning sudga kelib o‘zgarganlik holatlari, hattoki dastlabki tergovda "aybimga to‘liq iqrorman" deganlarning sudga kelib oqlanganliklar holatlari ham uchrab turibdi.

Sudlar ayblovda faol ishtirok etayotganligi sababli davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlovchi prokuratura xodimlarining asosiy ishi sud tergovi boshlanishida ayblov xulosasini o‘qib berish va sud tergovi tugab taraflar muzorakasida qo‘yilgan ayblov bo‘yicha JKda ko‘rsatilgan sanksiyalar doirasida jazo so‘rashdan iborat bo‘lib qolmoqda. Sud o‘zi faol ayblovchi bo‘lib turgan bir vaqtda davlat ayblovchilarida avtomatik ravishda “soatlab kunlab vaqt sarflab jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishishga, savollar, iltimosnomalar tayyorlashga ne hojat” degan qarash shakllangan. Shu sababli, sud jarayonida davlat ayblovchilari tomonidan ayblovdan voz kechish, ayblovni o‘zgartirishni so‘rash kabi holatlar juda kam uchramoqda.

Buning oldini olish uchun esa, sudni isbotlash subyektlari qatoridan chiqarish hamda sud tomonidan “dastlabki tergov davomida bergan ko‘rsatuvlaringizni tasdiqlaysizmi” degan savolning berilishini qat’iyan ta’qiqlash zarur. Davlat ayblovchisi esa, ishda faol qatnashib, ish hujjatlari bilan to‘liq tanishib, sud tergovi davomida ayblovni isbotlab berishi zarur.

Ikkinchidan, aslida aybni tan olish sifatida qaralishi mumkin bo‘lmagan holatlarning sud tomonidan ayb isbotlanganlik holati sifatida qaralishi. Masalan, tergov tomonidan ayblanuvchiga “zarar to‘lanmasa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llaniladi sizga nisbatan” deyiladi. Аyblanuvchi aslida aybi bo‘lmasa ham biroq qaramog‘ida oilasi, bolalari, keksa kasal ota-onasi borligi, qamoqda o‘tirsa tadbirkorlik faoliyati to‘xtab qolishi, "qarindosh, quda-andalar orasida nima degan odam bo‘laman" va shu kabi boshqa obyektiv hamda subyektiv sabablarga ko‘ra, zararni to‘lab qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llanmoqda. Bu holatni esa, sudlar ochiqdan-ochiq bo‘lmasa ham biroq amalda “nima uchun o‘zingizni aybsiz hisoblasangiz zarar to‘ladingiz” deya aybni isbotlovchi holat sifatida foydalanmoqda. Mana shu holat ham konstitutsiyaviy normalarga zid hisoblanadi.

Uchinchidan, institutsional to‘siqlar, xususan, jinoyat ishini tergov qilgan organ tomonidan bo‘ladigan bosimlar. Bu esa, sud tomonidan o‘z-o‘zidan “tinch qulog‘im” pozitsiyasida ish tutishga va ayblovda qo‘yilgan moddalar bo‘yicha ayblov hukmi chiqarishga olib kelmoqda.

Buning oldini olish uchun esa, sudyalar himoyasini kuchaytiradigan tizim yaratish zarur. Masalan, sudyaning shaxsiy telefoniga tergov organlari tomonidan qo‘ng‘iroq qilishni butunlay ta’qiqlash, shaxsiy telefonga qilingan har qanday qo‘ng‘iroq odil sudlovga aralashish sifatida baholanishi to‘g‘risida norma kiritish zarur. Oliy sud huzurida maxsus sudyalar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha bo‘lim tuzib, sudyaning xizmat telefoniga bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlarni va so‘zlashuvlarni qayd etishni yo‘lga qo‘yish, sudyalarga o‘ziga bo‘layotgan bosim haqida zudlik bilan xabar berish majburiyatini yuklash, agar xabar bermasa va yuz bergan bosim keyinchalik telefon qaydlarini va so‘zlashuvlarini tekshirish orqali aniqlanadigan bo‘lsa, sudyaning o‘ziga nisbatan ham chora ko‘riladigan mexanizm yaratish zarur.

To‘rtinchidan, davlat ayblovini amalga oshiruvchi prokurorlarning va tergovchilarning bitta organdan bo‘lishi ham oqlov hukmi chiqarilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Davlat ayblovini amalga oshiruvchi prokuror shaxsning aybsizligini yoki qo‘yilgan ayblovning noto‘g‘ri ekanligini yaqqol ko‘rib tursada, ayblovdan voz kechish yoki ayblovni o‘zgartirish to‘g‘risida sudga murojaat qilmayapti. Sababi, u o‘sha ishni tergov qilgan tergovchi bilan bir binoda ishlaydi, birga tushlik qiladi, hattoki o‘sha tergovchi rotatsiya natijasida davlat ayblovini amalga oshiruvchi prokurorga boshliq bo‘lib qolishi ham mumkin. Mana shu holatlarni inobatga olib, tergov va davlat ayblovini amalga oshiruvchi prokurorlarni alohida organlar sifatida ajratish zarur.

Beshinchidan, dalillar maqbulligi to‘g‘risida konstitutsiyaviy normalarning sudlar tomonidan ochiqdan ochiq inkor qilinishi ham asossiz ravishda ayblov hukmlari chiqarilishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, jinoyat ishlarini o‘rganish natijasida dalillar to‘plash va ularni qayd etishning protsessual tartiblari tergov organi tomonidan qo‘pol ravishda buzilib, bu buzilish natijasida dalil nomaqbul deb hisoblanishi kerak bo‘lsada, advokatlarning dalilni nomaqbul deb topish hamda dalillar majmuidan chiqarish to‘g‘risidagi sud tergovi vaqtida berilgan iltimosnomalar sudlar tomonidan “bu iltimosnomaga sud taraflar muzokarasidan keyin alohida xonada (maslahatxonada) baho beradi, barvaqt kiritildi deb hisoblab hozir rad qilinadi” deb rad qilishmoqda. Аlohida xonada (maslahatxonada) esa, iltimosnomalarga umuman baho bermasdan, ularni rad qilish sabablari va asoslarini hukmda umuman ko‘rsatmasdan ayblov hukmlari chiqarmoqda. Masalan, xxxxxxx ishi bo‘yicha JIB xxxxxxx tuman sudi sudyasi xxxxxxxxx “iltimosnoma barvaqt berilganligi sababli rad qilindi, sud dalillar maqbulligi masalasiga alohida xonada baho beradi deb, alohida xonada iltimosnomaning birorta bandiga munosabat bildirmasdan ayblov hukmi chiqardi.

XXXXXX ishi bo‘yicha JIB xxxxxxxxxx tuman sudi sudyasi xxxxxxxxxx “protsessual kamchilik hammada bo‘lib turadi, protsessual kamchilik deb oqlov hukmi chiqaraversak, hammani oqlashimizga to‘g‘ri keladi” deya kinoya qilib, dalillarni nomaqbul deb topish to‘g‘risidagi iltimosnomani umuman asoslamasdan rad qilib, ayblov hukmi chiqardi.

Buning oldini olish uchun dalillar nomaqbulligi to‘g‘risida iltimosnoma sudga kelib tushganidan uni darhol hal qilish, hal qilmasdan turib keyingi bosqichga o‘tmaslik to‘g‘risida JPKda alohida norma belgilash zarur.

Oltinchidan, reabilitatsiya oqibatlaridan qo‘rqish ham sudlar tomonidan oqlov hukmlari chiqarilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, shaxs ayblanib unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi, tergov davrida to‘liq, sud jarayonida ham to‘liq qamoqda saqlandi. Biroq, sud yakuniga kelib aslida uning aybsizligi ma’lum bo‘lmoqda. Endi sudya oldida muammolar paydo bo‘lmoqda. Аgar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarsa, shaxs kelajakda o‘zining qamoqda o‘tirgan davri uchun kompensatsiya, uni noqonuniy ayblagan tergovchiga, prokurorga, qamoqqa olishga sanksiya bergan sudyaga nisbatan chora ko‘rishni, aybsiz kishini javobgarlikka tortish bo‘yicha ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni talab qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida sudyaga nisbatan o‘sha organlar tomonidan bosim bo‘lishiga olib keladi. Tergovchi “nima uchun davlatdan oylik olib, 3, 5 yoki 7 oy aybsiz kishini tergov qildi? Nima uchun unga oylik to‘landi” kabi savollar ham ko‘tarilishining oldini olish uchun sudya “six ham kabob ham kuymaydigan” yo‘lni topib, sudlanuvchiga oqlov hukmi o‘qimasdan, JPK 84-modda bilan ishni tugatish, shartli hukm qilish, JK 70-modda bilan jazodan ozod qilish kabi instrumentlardan foydalanib, oqlov hukmi chiqarmaslikka erishmoqda.

Buning oldini olish uchun sudyaning oqlov hukmi chiqarganligi uchun uning faoliyatiga aralashishga, uning qarorlariga nisbatan asossiz protestlar keltirishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida alohida norma va bunday holatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilash zarur.

Yuqorida fikrlar tugal emas, mening shu kungacha advokatlik faoliyatimda duch kelgan holatlardan kelib chiqib shaxsiy fikr sifatida yozilmoqda.

Ushbu maqola «ADVOKAT» jurnalining 2023-yil 6-sonida (20–25-betlar) ham chop etilgan.

Ushbu maqola avval firmaning eski saytida e’lon qilingan.