Barcha tahlillar

Huquqiy IQ

Sizdan tushuntirish xati olishmoqchi yoki sizni so‘roq qilishmoqchi. Bunday holatda nimalarga e’tibor berish kerak?

Oldingi mavzuyimizda sizni organ xodimi chaqirganda qanday harakat qilish kerakligi to‘g‘risida suhbatlashgandik. Unda bitta holatni e’tibordan chetda qoldiribmiz. Har qanday organga borganingizda o‘zingiz bilan albatta shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatingizni olib boring. Pasport, ID karta, shuningdek, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi. Bu hujjatlarning nusxalari yoki telefondagi rasmi, elektron variantichi desangiz, baribir originalini olib borganingiz ma’qul, sababi ba’zi idoralarda RUXSATNOMA yozuvchi xodimlar original hujjatsiz RUXSATNOMA yozmayman deb turib oladi.

Organ binosi ichiga kiryapsiz. Odatda, ruxsatnoma yozgan xodim sizga qaysi binoga va xonaga, qanday borishni tushutirib yuboradi yoki ba’zi holatlarda sizni chaqirgan xodimning o‘zi yoki u tayinlagan boshqa xodim sizni boshlab, olib kirib ketadi. Xonaga borganingizda u xona siz chaqirilgan va ruxsatnomangizda yozilgan xona ekanligiga ishonch hosil qiling, xona eshikiga ilingan tablichkaga e’tibor berib, kimning xonasi ekanligini ham tekshirib oling.

Xonaga kirdingiz. Xonada necha kishi borligiga va qaysi biri aynan sizni chaqirgan xodim ekanligiga e’tibor bering. Yaxshi muomala bilan salom-alik qilib, o‘zingizni tanishtiring va xodimdan ham familiya, ismini yana bir so‘rab oling. Sababi, u sizni chaqirganmas, boshqa xodim bo‘lishi mumkin. Boshqa xodim bo‘lsa, sizni aslida kim chaqirganligini aytib, nima uchun bu o‘zgarish bo‘lganligini aniqlang. Bu holatlarning hammasini o‘zingiz bilan olib kelgan bloknotga yozib boring.

Qonun bo‘yicha bitta ish bitta xodimga biriktiriladi. Alohida hollarda tergov guruhi yoki tezkor-tergov guruhi tuzilib, uning tarkibiga bir necha tergovchi, surishtiruvchi, tezkor-vakillar kiritilishi mumkin. Agarda xonada bir necha kishi bo‘lsa va ular ham sizga oid ishga qiziqayotgan bo‘lsa, yaxshi muomala bilan "Siz ham tergov guruhi a’zosimisiz, ism-familiyaningizni bilsam bo‘ladimi" deb so‘rab oling va aytsa yozib qo‘ying. Aytmasa, ham "aytmadi" deb o‘zingizga qayd qilib qo‘ying. Ko‘plab idoralarda haqiqiy xodimlar bilan birga jamoatchi yordamchilar, ish o‘rganuvchi praktikantlar faoliyat olib boradi, bu shaxslarning tergov, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borishlari mumkin emas. Biroq, afsuski amaliyotda bunday holatlar uchrab turibdi. Aslida, ish qaysi xodimga biriktirilgan bo‘lsa, aynan o‘sha xodim sizdan tushuntirish olishi yoki so‘roq qilishi kerak.

Sizdan tushuntirish, oldingi mavzuda aytganimizdek, hali jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan davrda, ya’ni tergovga qadar tekshiruv davrida olinadi. Bu davrda hech bir shaxsda aniq bir status, ya’ni protsessual maqom bo‘lmaydi. Ya’ni hali hech kim gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki guvoh sifatida baholanmaydi, shuning uchun ham Jinoyat-protsessual kodeksi 329-moddasida "shaxsdan tushuntirish olish" deyilgan.

Tushuntirish olish jarayonida shaxsdan hali hech qanday protsessual maqom bo‘lmaganligi sababli unga huquqlari ham tushuntirilmaydi, majburiyatlari bilan ham ogohlantirilmaydi. Biroq, amaliyotda ba’zi xodimlar tomonidan tushuntirish olish jarayonining o‘zidayoq, shaxsni yolg‘on guvohlik berganlik va ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik uchun Jinoyat kodeksining 238, 240-moddalari bilan ogohlantirish holatlari uchramoqda. Bunday qilish noto‘g‘ri, qonunga zid va eng bilimli xodimlar bunday qilmaydi.

Agar sizni ham tushuntirish olishdan avval xodimlar shunday ogohlantirishsa yaxshi muomala bilan "Mening protsessual maqomim nima o‘zi bu yerda, guvohmanmi, gumon qilinuvchimanmi yoki ayblanuvchimanmi, kimman o‘zi?" deb so‘rang. Bilimli xodimlar bunday holatda darhol o‘zlariga keladi, biroq ba’zilari vaziyatdan chiqish uchun "Sizdan guvoh sifatida tushuntirish olmoqchimiz" deydi. Siz esa, yana bosiqlik bilan "Unday bo‘lsa mening guvoh sifatida huquqlarimni ham tushuntiring, faqat majburiyatlarim bilan ogohlantirmasdan, guvohda ham advokat olish, o‘ziga qarshi ko‘rsatuv bermaslik, yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv bermaslik kabi huquqlar bor deb eshitganman, nimaga shularni tushuntirmayapsizlar" deb so‘rang. Agar xodim bunday keyin ham sizdan shu ogohlantirish bilan tushuntirish olmoqchi bo‘lsa, o‘zingizning vaziyatingizdan kelib chiqib, tushuntirish beravering. Lekin unutmangki, siz har qanday holatda o‘zingizga qarshi ko‘rsatuv bermaslik, yaqin qarindoshingizga qarshi ko‘rsatuv bermaslik va advokat olish huquqiga egasiz.

Ushbu maqola avval firmaning eski saytida e’lon qilingan.